Muloqotda doim turli ko'rinishdagi ma'lumot almashiniladi.

Har qanday ma'lumotning o'z vazni (yoki muhimlik darajasi) bo'ladi. Ba'zilarida ko'proq, ba'zilarida kamroq.

Masalan, "kecha ovqatlandim" va "kecha qo'lim sindi" degan matnlar uzunlik jihatdan teng, lekin ularning vazni turlicha.

Xo'sh, ma'lumot vaznini qanday o'lchaymiz?

Buning uchun ma'lumotning ajablantirish darajasini o'lchash kerak degan fikrlar bor ekan.

Demak, ma'lumotning vaznini topish uchun undagi kam iste'mol qilinadigan so'zlarni (yoki frazalar) va so'z birikmalarni topish kerak bo'ladi.

Bu fikr axborot nazariyasi va tilshunoslik tadqiqotlari bilan bog'liq. Bu nazariyaga ko'ra, axborotning vazni uning kutilmaganlik darajasi bilan bog'liq. Yuqori ajablantirish darajasiga ega ma'lumot ko'proq axborot tashiydi.

Ya'ni kam ishlatiladigan so'zlar odatda ko'proq axborot tashiydi.

Bundan ko'p yaxshi xulosalar olsa bo'ladi:

  1. Ko'p gapirdi degani ko'p biladi degani emas.
  2. Kitob yozdi degani olim degani emas. (Ba'zi kitoblarni yaxshi bitta maqolaga sig'dirsa bo'ladi, ko'p qismi badiiy bo'yoq bo'ladi.)

va hokazo.


Yana, bundan ajoyib misol olsa bo'ladi.

Ko'pchilikda mavjud bo'lmagan ilm — noyob, qadri baland ilm bo'ladi.

Naval Ravikant buni "specific knowledge" (xos bilim) deb atagandi. O'zi aslida faqat bitta sohaga oid bilimlar juda noyob hisoblanmaydi.

Eng noyob, xos, boshqalardan ajratib turadigan bilim — qomusiylikdan keladi. Ya'ni bir necha turdagi bilimlarning birlashuvidan hosil bo'ladi. Aynan shunaqa ilmli kishilar jamiyat uchun zarur, kerakli kishilar bo'ladi.

SI (sun'iy intellekt)dan ustunligimiz ham shunda — juda turli ko'nikmalar, qobiliyatlarga egamiz. Inson bilan hayvon yoki SI orasidagi farq juda katta, inson bilan eng aqlli inson orasidagi farq juda kichkina.

Xullas inson boshqa insonlardan faqat bitta sohada ko'p farq qilolmaydi, lekin turli bilimlar kombinatsiyasini o'zlashtirish orqali qilsa bo'ladi.

Shuning uchun — xos bilim to'plang, qomusiy bo'ling!

Xurshid bro (t.me/xurshidblg)

30.01.2025, Buxoroyi Sharif