Bugun bilish va amal qilish orasidagi jarlik haqida gaplashamiz, azizlar.
O'zi manfaatli ilm oldikmi yo'qmi qanday ajratamiz, bilasizmi?
Menimcha javob — nimadir qilishni boshlashimiz kerak. Yoki nimanidir boshqacha qilishni boshlashimiz kerak.
Afsuski insonga aqlli gaplarning o'zi foyda bermaydi.
Sabr haqida ko'p gapiramiz, lekin sabrsizmiz. Adolat haqida doim eshitamiz, lekin ko'p adolatsizlik qilamiz, hatto o'zimizga ham.
Minglab misollar keltirish mumkin.
Menimcha, bilgan narsalarimizga amal qilmasligimizning sababi — bilimlarimizni xotirada faol olib yurmaymiz. Shuning uchun qaror qabul qilayotganimizda bilimlarimiz ta'sir o'tkaza olmaydi.
Esimizda yo'q narsa bilan fikrlay olmaymiz-ku.
Endi yechimga kelsak, bilganlarimizga amal qilish, uni odatga aylantirish uchun bizga 2ta narsa kerak bo'ladi.
1) Muhit. Atrofda hamma qiladigan ishni, biz hurmat qiladigan kishilar qilib yuradigan ishlarni biz ham qilamiz. Hatto irodamiz bilan kurashishga hojat qolmaydi.
Har kuni tish yuvish odatini uydan oson o'rganib olganmiz.
2) Bilgan narsamiz xotiramizda faol turishi kerak — qaror qabul qilayotganda tezda esga kelishi uchun. Aslida muhit ham bir ma'noda xotiramizga doimiy xitob qiladi.
Qiyinroq bo'lsada, bizga kerakli muhit bo'lmaganda bu usul yordam beradi.
Doimiy takrorlab yurish, sun'iy muhit yaratish (kitoblar, intervyular, biografiyalar) amal qilishimizga yordam beradi.
Bugun buyuklardek yashashga havas qilish, ular bilan gaplashish, o'rnak olishning yagona yo'li — kitoblarini, tarijmai hollarini, manoqiblarini o'qish bo'lsa kerak. Hamda takror va takror.
Olimlarning bir gapi bor edi: "Addarsu harfun, attakroru alfun" — ya'ni "bir marta dars olsang ming marta takror qil". Takrorda, eslatmada foyda bor (51:55).
Biz o'qiydigan, eshitadigan gaplarimizning foydasi vaqtincha bo'ladi, ya'ni hissiyotlarni uyg'otadi, xolos.
Shuning uchun ham "aqlli gaplar foyda bermaydi" deb nomladik postimizni.
Haqiqiy bo'ladimi sun'iymi, muhit yaratib olsak, bilganlarimiz bilan odatlarimizni quramiz.
Odatlarimiz esa hayotimizni quradi.
Xullas shunaqa gaplar, do'stlar. Bu safar foydalanilgan manbalarni qoldirmadim.
— Xurshid bro (t.me/xurshidblg)
11.03.2025, Toshkent
Comments
No comments yet. Be the first to share your thoughts!
Leave a Comment
Your email address will not be published. Comments require moderation before appearing.