Kim bilan do'st bo'lish, nimalarga vaqt sarflash, nimalarni iste'mol qilish, nimalarni o'ylash — hammasi shaxsiyatimizni yo yaxshi, yoki yomon tarafga shakllantiradi.

Nimalarni ko'p o'qisak, tomosha qilsak, eshitsak — o'sha dunyoqarashdagi odam bo'lamiz.

Shuning uchun filtrlash — yaxshi g'oyalarni yomonlaridan ajratish juda muhim ko'nikma hisoblanadi.


Bu safargi mavzu "tabayyun" — xabarni tekshirish haqida.

Kelgan xabarning rost/yolg'onligini aniqlash bitta masala bo'lsa, uning kimdan kelayotganini aniqlash ikkinchi masala.

Yolg'on xabarni ajratib olish oson bo'lishi mumkin, lekin ko'pchilik adashadigan joyi shuki — rost xabardan ham manipulativ, hatto buzg'unchi maqsadlarda foydalanish mumkin (bu tomonini keyingi postlarda gaplashamiz).


Bu jarayon kitoblarda qanday bo'lishini ko'rib chiqsak.

Birinchidan, amal qilmaydigan narsasini gapirish — o'zida yo'q narsani gapirishdir.

O'zida yo'q narsani targ'ib qilish — tajribasi yo'q bo'lgan (demak chala bilgan) narsasini targ'ib qilish bo'ladi.

Bilmagan narsasini gapirish aqlning belgisi emas. Ba'zan firibgarlik belgisi bo'ladi. Eng kamida pul ishlash uchun gapirilgan bo'ladi.


Kitoblardan misollar ko'ramiz:

Ba'zi turk mualliflar "jozibador" nomlar bilan kitob chiqarishi, bizga tarjima qilinib sotilishining guvohi bo'lyapmiz (yaqinda o'zimiznikilar ham boshlaydi). Mualliflarni 80% o'quvchi tanimasa kerak, aksarini vikipediyadan ham topib bo'lmaydi.

Millioner bo'lmaganlar millioner bo'lish haqida kitob chiqargan ("Mening qo'shnim — millioner"). O'zbekchaga ham tarjima qilingan. Tadqiqotni chala/noxolis qilishgan, natijasi bir yoqlama bo'lib qolgan.

Yana bittasi hali isbotlanmagan g'oyani olib "ted talk"lar va hatto kitob chiqargan.

Yana bittasi inson evolutsiyasi haqida kitob yozgandi, tarjima qilindi, reklama qilindi. Muallifni borib tekshirib kelsangiz benomus bo'lib chiqadi.


Menimcha misollar yetarli bo'lsa kerak.

Ko'rinib turibdiki, hatto kitoblarni ham tanlab o'qish kerak ekan — intervyular, podkastlar, filmlarni gapirmasa ham bo'ladi.

Shuning uchun xabarni, keltirilgan g'oyani tanqidiy nazar bilan tekshirish shart bo'ladi.

Aks holda tashqaridan kelgan ideologik fikrlarni o'zlashtirib olganimizni sezmay qolamiz.

Xurshid bro (t.me/xurshidblg)

06.05.2025, Toshkent