Jamiyatda ba'zida bo'lib turadigan ajoyib bir hodisa bor.

Odamlar ichida obro'-e'tiborsiz kishilardan biri kutilmaganda ko'tarilib ketadi.

Yillar davomida baland maqomda yurgan kishining oqibati kutilmaganda xorlik bilan tugaydi.

Ahli ilmlar aytishardiki, bir-birimizning asl yuzimizni bilmaganimiz uchun hurmat bilan gaplashamiz. Obro'ni bizga Xudo beradi. Xohlagan payti olib qo'yishi mumkin. Shuning uchun "men obro'liman" deb qo'ymaslik kerak. Bir kunda xor qilib qo'yishi mumkin.


Endi mavzuni ozgina buramiz.

Hurmattalablik haqida gaplashsak.

Odamlar doim kimningdir nazdida maqomi baland bo'lishini xohlaydi.

Kimning nazdida ekanligini prinsiplari hal qiladi.

Masalan, ishini zo'r qilishni istaydiganlar o'z sohasidagi mutaxassislar nazdida e'tiborli bo'lishni xohlaydi.

Bundan tashqari, odatiy jamoatlarda (sinfdoshlar, kursdoshlar, hamkasblar, qarindoshlar) ham ba'zi kishilar o'ziga e'tibor jalb qilishga urinadi. Obro' qozonishga harakat qiladi.

Sababi ko'pincha ichki hurmatning (o'zini hurmat qilish) yetishmasligi bo'ladi.

Va'da berib (o'ziga ham boshqalarga ham) bajarmaydigan, bo'yniga olgan mas'uliyatini his qilmaydigan kishilarda ichki hurmat pastlab ketadi.

Natijada hurmatni tashqaridan izlashga tushadi.

Ehtiyoj bo'lmasa ham qimmat telefonlar, mashinalar, va hokazolarning olinish sababi ham shu.

Qizig'i, ko'pchilikka bu ham yetishmaydi — keyingi bosqichda boshqalarning (asosan obro'si balandlarning) obro'siga tajovuz qilishga o'tiladi.

Naval buni yaxshi tushuntirib bergandi. Ko'proq manba.


Umr insonlarga manfaat keltirish o'rniga egoizm, shaxsparastlik bilan o'tib ketadi.

Hurmattalablik, obro' qozonish yo'lidagi mujodalalardan ko'p zararlar keladi.

Asabni, sog'likni, umrni yeydi.


Xullas, tashqi hurmatga emas, ichkarida o'z prinsiplariga sodiq yashashga harakat qilaverish kerak. O'z-o'zidan hurmatli insonga aylanamiz shunda. Sababi haqiqiy hurmat taqvoning natijasi bo'ladi.

Boylik masalasi ham shu — uni ham ichkaridan izlash kerak. Chunki haqiqiy boylik mol-mulkning ko'pligida emas, nazarning to'qligida bo'ladi.

Xurshid bro (t.me/xurshidblg)

27.05.2025, Samarqand