Dasturchilar uchun bir muddat "Tutorials problem" davri bo'ldi.
Bu degani dasturlar yaratishni ilm sifatida original manbalar (qo'llanmalar yoki kitoblar)dan emas videolardan "o'rganish". O'rgandim deb o'ylaydi lekin mustaqil biror narsa qura olmaydi, uning uchun ham yana video ko'rishi kerak. Oxirgi 2 yil oldingacha holat shunaqa edi.
O'sha davrda tutorial video chiqaradigan kanallarda ko'rishlar soni millionlagan edi.
E'tibor bersak, bugun 50 mingtaga zo'rg'a chiqishyapti. "Dasturlashni o'rganishga talab kamaygandir?" Yo'q. Shunchaki endi o'rganuvchilar uchun yangi davr keldi. Endi yarim soatlik videodan "o'rganish" zerikarli. SI (sun'iy intellekt) hammasini qilib beradi. Kodni ham yozadi. Yozishni o'rgatib ham qo'yadi, yana tushunmagan joyini tushuntiradi. Juda ham "mehribon".
Bu davrdagi muammo ham yana o'sha. "O'rgandim" deb o'ylaydi lekin SI yordamisiz hech narsa qilolmaydi. "Vibe coding qilib zo'r narsa yasadim" deb link tashlaydi. Linkning ahvoli:
http://localhost:3000
Xullas dasturchilar jamiyatida oldingidanda saviyasizroq avlod paydo bo'lyapti.
Yaqinda o'tkazilgan tadqiqotda dasturchilar SI ishni 20%ga tezlashtiradi deb o'ylashgan, lekin amalda 19%ga pasaygan bo'lib chiqibdi.
Endi buyog'iga mutaxassislarga bo'lgan talab yanada ortadiganga o'xshayapti.
Keyin SIga aloqador dasturlarga investitsiya kiritayotganlarning aksari natijasini ko'rmaydiganga ham o'xshayapti (bubble). Chunki tajribali dasturchi mutaxassislarning ish jarayonida SI sababli sezilarli samaradorlik kuzatilmayapti. Lekin mutaxassis bo'lmagan tadbirkorlar "SI dasturchilarni o'rnini egallaydi", "Kelajak SIda", "SIga pul tikish kerak" degan har xil tahminlar qilib yotishibdi. (Danning-Kruger effekti)
— Demak SI bilan o'rganish foydali emasmi?
— Foydali bo'lsa kerak, lekin katta muammo bor.
SI doim fikringizga qo'shilishni yaxshi ko'radi. Bu esa yomon o'qituvchi degani. Stack Overflowda yoki mutaxassisni o'zidan yordam so'rasangiz "Bu funksiya uchun Ani ishlatma, u juda yomon, o'rniga mana bu Bni ishlatgin" deydi. (Sal radikalroq lekin shogirdni ikkilantirmaydigan javob.) SIdan so'rasa "ikkalasini ham yaxshi tomonlari bor, Ani ishlatsang mana bunday qilasan, Bni ishlatsang bunday" deb ikkilantiradi.
O'rganish davrida esa bizga xato yo'ldan ketsak "bu xato!" deydigan mutaxassis kerak bo'ladi.
Nima qilish kerak?
Bir narsani yaxshi bilish kerak — SI sizning muammoyingizga yechimni berishi faqat urinib, qidirib ko'rib javobni umuman topolmaganda yoki to'g'ri-noto'g'riligini tekshirmoqchi bo'lganda foydali bo'ladi. Muammoni, yechish usulini, yechimni o'zini tushunishga SI yordam berolmaydi. Xuddi matematik misolni yechib ko'rmasdan turib javobiga qarash bilimni kuchaytirmaganidek. Tushunish uchun miya ishlashi kerak, qiynalishi kerak.
"Tutorial problem" davrida videolar shu qiyinchilikdan qochish yo'li bo'lgan bo'lsa endi buni o'rniga SI keldi. Muammo o'sha-o'sha.
Xulosa qilsak, o'rganish vositasi nima bo'lishidan qat'iy nazar inson zehnini qiynamasa o'rganmas ekan. Demak yechim yana o'sha qiyinchilikka olib kelyapti, boshqa iloji yo'q.
— Xurshid bro (t.me/xurshidblg)
02.11.2025, Toshkent
Insightful:)